Obuna bo'ling

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi tarixiy voqea

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab  (https://t.me/ictschooluz)jamoasi uchun yana bir ulkan yutuq va quvonchli xabar! Faxrli o'quvchilarimiz Zohidjonov Elbek va Sunnatov Asilbek dunyo tan olgan Massachusetts Institute of Technology (MIT) universitetiga 100% lik grant asosida o'qishga qabul qilindi.

Bu g'alabaning salmog'ini yanada chuqurroq his qilish uchun qahramonlarimiz ta'lim oladigan dargoh haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz. 

1861-yilda AQShning Kembrij shahrida tashkil etilgan MIT bugungi kunda dunyoning birinchi raqamli texnik universiteti hisoblanadi. QS jahon reytingida ketma-ket 13 yil davomida 1-o'rinni o'zida saqlab kelmoqda (Times Higher Education va US News reytinglarida esa 2-o'rinda).

Universitetda jami 11,500 atrofida talaba tahsil oladi, qabul ko'rsatkichi esa bor-yo'g'i 4% ni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, MIT faqatgina dunyoning eng noyob va iqtidorli yoshlarini saralab oladi.

✅ Universitet muhandislik, kompyuter texnologiyalari, matematika, fizika va iqtisodiyot yo'nalishlarida mutlaq peshqadam. Ushbu dargoh 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirib chiqargan. Dunyoni o'zgartirgan radar, GPS va bugungi kundagi sun'iy intellekt kabi yirik kashfiyotlar aynan shu yerda yaratilgan.

Universitetning moliyaviy jamg'armasi 24 milliard dollardan oshadi va bu iqtidorli talabalarning yirik tadqiqotlar olib borishi uchun cheksiz imkoniyatlar taqdim etadi.

Bunday global miqyosdagi oliygohga yo'llanma olish – Elbek va Asilbekning yillab qilgan tinimsiz mehnati, ota-onalarining ishonchi va maktabimiz ustozlarining fidoyiligi samarasidir. 

Zohidjonov Elbek va Sunnatov Asilbekni ushbu tarixiy yutuq bilan chin dildan muborakbod etamiz!

Kelajakda O'zbekiston nomi va maktabimiz sha'nini xalqaro maydonda munosib himoya qilib, jahon ilm-fani rivojiga o'z hissalarini qo'shishlariga ishonamiz.

Oq yo'l, qahramonlar! Biz sizlar bilan faxrlanamiz!